Shahodat Yo‘ldosheva: O‘zbekistonda inklyuziv jamiyat yaratish va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish

Shahodat Yo‘ldosheva: O‘zbekistonda inklyuziv jamiyat yaratish va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish

18 November, 2024

O‘zbekistonda 346084 nafar mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar rasman ro‘yxatga olingan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining nogironligi bo‘lgan shaxslarning ahvoli bo‘yicha vaziyat tahliliga ko‘ra, ularning atigi 7% ish bilan ta’minlangan.

Shahodat Yo‘ldosheva, "Ish plus" nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish loyihasi taqdimotida

Shahodat Yo‘ldosheva birinchi marotaba universitetni bitirgandan so‘ng ish topish muammosiga duch keldi. U bir necha bor ish beruvchilar va jamiyat ongiga singib ketgan stereotiplar tufayli nogironligi bo‘lgan odamlar munosib ish topa olmaganining guvohi bo‘ldi.

"Nogironligi bo‘lgan insonlar duch keladigan eng keng tarqalgan muammolardan biri bu diskriminatsiya. Mening o‘zim ham ko‘rish qobiliyati bo‘yicha nogironligim borva tug‘ma albinizmga egaman, lekin oddiy umumta’lim maktabida o‘qiganman. Butun hayotim davomida men jamiyat tomonidan bosim va diskriminatsiyaning turli shakllariga duch keldim, afsuski, bu yosh ulg‘aygan sari kuchaydi.

Ba’zida odamlar o‘zlari xohlamagan holda ham so‘zlari yoki xatti-harakatlari bilan ma’naviy zarar yetkazishi, agar insonning nogironligi bo‘lsa, boshqalar bilan teng ravishda vazifalarni bajara olmaydi, deb o‘ylab, ularni huquq va imkoniyatlardan mahrum qilishadi," - deydi Shahodat.

2024-yilda Shahodat inklyuziv rekruting xizmatlari tufayli Britaniya Kengashiga ingliz tili bo‘yicha IELTS test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha supervayzer yordamchisi sifatida ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Muvaffaqiyatli natija va ishga sodiqlikni ko‘rsatib, Shahodat Toshkent shahar "SHAROIT PLYUS" Nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan amalga oshirilayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha "Ish plus" loyihasiga ish beruvchilar bilan ishlash bo‘yicha koordinator lavozimiga ham qabul qilindi. "Men bu ish menga to‘g‘ri kelishiga ishonmasdim va o‘z kuchimga shubha qilardim. Biroq, "PRAXIS PLUS" jamoasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli men tezda ishga kirishib ketdim va ahil jamoaning bir qismiga aylandim. Men uchun jamiyatdagi mavjud stereotiplarni o‘zgartirish va o‘z misolimda nogironligi bo‘lgan odamlar hamma qatori jamiyat va kompaniya rivojiga muhim hissa qo‘shishlari mumkinligini ko‘rsatish katta motivatsiya edi," - deydi u.

Bugungi kunga qadar kompaniya 400 dan ziyod turli shakldagi nogironligi bo‘lgan kishini rasman ish bilan ta’minladi. Bundan tashqari, "PRAXIS PLUS" kompaniyasining tajribali rekruterlari nomzodlarni tanlab olish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ish beruvchi kompaniyalarning xodimlari uchun treninglar va seminarlar o‘tkazish uchun hamrohlik qiladigan ishga joylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, "PRAXIS PLUS" mehnat masalalari bo‘yicha ham yuridik maslahatlar beradi.

"Men koordinator sifatida ish qidirayotgan nogironligi bo‘lgan odamlar bilan yaqindan ishlayman. Ular orasida iqtidorli, mehnatsevar va o‘qimishli, jamiyat taraqqiyoti haqida o‘z qarashlari va ulkan salohiyatiga ega insonlar ko‘p. Bu loyiha, shubhasiz, inklyuziv jamiyat barpo etish va nogironligi bor insonlarning muammolarini ishga joylashtirish orqali hal etish yo‘lidagi muhim qadamdir," - deydi Shahodat Yo‘ldosheva jilmayib.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish jarayoni.

Bugungi kunda ko‘plab kompaniya va tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga xayriya yordami ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqda. Ko‘pincha ularning yordami oziq-ovqat tarqatish, tadbirlar o‘tkazish yoki tibbiy yordam ko‘rsatish kabi bir martalik aksiyalar bilan cheklanadi. Shubhasiz, bu hurmatga loyiq va tezkor yordamga muhtoj bo‘lganlarga muhim madaddir. Ammo, afsuski, bunday choralar muammoning barqaror yechilishiga ko‘mak bermaydi va hatto boqimandalikka olib kelishi mumkin.

Nogironligi bo‘lgan insonlarning rasmiy ish bilan ta’minlash orqali kompaniyalar nafaqat o‘z obro‘sini oshiradi, balki nogironligi bo‘lgan shaxslarni moliyaviy mustaqilligiga hissa qo‘shadi, ularga o‘zlarini va oilalarini mustaqil ta’minlash imkonini beradi. Nogironligi bo‘lgan xodimlarni yollash uchun davlat tomonidan ajratiladigan 3% kvota va subsidiyalar mavjudligiga qaramay, O‘zbekiston miqyosida bu hali hamma ish beruvchilar ham tayyor bo‘lmagan qadam bo‘lib qolmoqda.

Safia qandolat uyida inklyuziv muhitni yaratish va nogironligi bo‘lgan xodimlarni moslashtirish bo‘yicha PRAXIS PLUS treninglari

Shunga qaramay, inklyuziv rekrutingni allaqachon joriy etgan kompaniyalar o‘z misolida inklyuziv siyosatni amalga oshirish ham moliyaviy, ham ijtimoiy jihatdan samaradorligini isbotlamoqda. "PRAXIS PLUS" bilan hamkorlik doirasida 100 dan ortiq nogironligi bo‘lgan odamlarni ish bilan ta’minlagan Safia qandolat uyi bunga yorqin misoldir. Bugungi kunga qadar kompaniya surdo tarjimon, psixolog va ijtimoiy xodim ham yollagan. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, bu yil Safia qandolat uyi "Iste’dodlarni rivojlantirish" nominatsiyasi va boshqa bir qator nominatsiyalar bo‘yicha xalqaro mukofot va ish beruvchi brendi sohasidagi - Employer Brand Award & Summit sammitida g‘olib bo‘ldi. Ushbu tanlovda doimiy ravishda xodimlarni boshqarish sohasidagi jarayonlarni optimallashtiruvchi va o‘z xodimlariga g‘amxo‘rlik qiluvchi MDH va Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi. Safia kompaniyasining hissasi ommaviy axborot vositalari, xalqaro, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ko‘p marta qayd etilgan.

Siz ham inklyuziv rekruting xizmatimizdan foydalanib, nogironlarning muammolarini barqaror hal qilishga hissa qo‘shishingiz va kompaniyangiz obro‘sini oshirishingiz mumkin.

Kontaktlar:

+998 (93) 660-19-97

info@praxis.uz